AQShning venchur fondi vakili MUIC rezidentlari bilan startap loyihalarning investitsion imkoniyatini muhokama qildi

“Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi mahalliy loyihalarga sarmoya kiritish imkoniyatiga qiziqish bildirgan AQShning venchur fondi, startaplar hamda Rezident-IT-kompaniyalarning vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga tashkilotchilik qildi. Ishtirokchilar biznes-tashabbuslarini rivojlantirish va ilgari surish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi, ayrim kompaniyalar esa shaxsiy ishlanmalarini taqdim etishdi.

 

Mazkur uchrashuvga dastlabki qadam 2017 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida qo‘yilgan edi. Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlarni katta qiziqish bilan kuzatib bordi, ammo u yerda yashovchi va ishlovchi vatandoshlarimiz tomonidan esa ushbu tashrifga e’tibor ancha yuqori bo‘ldi.

 

Zafar Mirzaliyev ulardan biri. Toshkent shahrida tug‘ilgan bu tadbirkor ofislari Nyu-York va San-Fransiskoda joylashgan venchur fondining vakili hisoblanadi. Uning investitsion manfaatlari doirasiga sun’iy aql va robototexnika sohasidagi startaplar kiradi.

 

“O‘zbekistonga tashrifimning ikki sababi bor: ham shaxsiy, ham amaliy. Bir tomondan, biz Markaziy Osiyo mintaqasidagi bozorni, mahalliy startaplarning madaniyatini o‘rganib, fond faoliyatiga mos keladigan yo‘nalishlarda istiqbolli ishlanmalarni izlayapmiz. Boshqa tomondan, o‘zbek xalqi farzandi sifatida, AKT sohasining rivojlanishiga o‘zimning munosib hissamni qo‘shmoqchiman va istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqchiman”, - deya qayd etdi u.

 

MUIC tomonidan IT-biznes vakillari va salohiyatli sarmoyadorlar o‘rtasida tashkillashtirilgan muloqot startap loyihalarning istiqboli qaysi mezonlar asosida aniqlanishi, sarmoyadorning ishtirokidagi ulushi va kompaniyani boshqarishdagi roli qanday belgilanishi kabi dolzarb savollarning muhokamasiga olib keldi.Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarining IT-ishlanmalarini ishlab chiqish va ilgari surishdagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish, foydali tavsiyalarni olish va eng asosiysi – professional muloqot doiralarini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Venchur fondi vakillari bilan keyingi uchrashuv joriy yilning mart oyida o‘tkaziladi. Bu safar delegatsiya tarkibidan rahbar xodimlar ham o‘rin olishi kutilmoqda.

  • Qo'shildi: 11.01.2018
  • Ko'rishlar: 848