Yangiliklar

O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari MUIC rezidentlariga jahon bozoriga chiqishda ko‘maklashadi

«Mirzo Ulugbek Innovation Center»da markaz direksiyasi va O‘zbekiston diplomatik doiralari vakillari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazildi. Unda Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimiz elchixonalarining xorijdagi faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan vazifalar muhokama qilindi.

 

Markaziy Osiyodagi mutlaqo yangi siyosiy muhit o‘tgan yilgi eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar va xorijiy hamkorlarga ochiq va asosli muloqot taklifi bilan chiqishi munosib aks-sado berdi — bu hamkorlik natijasida uzoq yillar davomida yechimini topmay kelayotgan og‘riqli masalalarga chora topildi. Rossiya va MDHning boshqa a’zolari, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sezilarli ravishda mustahkamlandi. BMT, YeXHT, ShHT, Islom hamkorligi tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan hamkorlik yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

 

Tashqi iqtisodiy faoliyatda ana shu ijobiy sur’atni saqlab qolish, shu bilan birga, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatida yangi sahifalar ochishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Bular haqida O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev, O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Rustam Qayumov, O‘zbekistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bo‘yicha Jenevadagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov, O‘zbekistonning YeXHT va boshqa tashkilotlar bo‘yicha Venadagi doimiy vakil Sherzod Asadov hamda «Mirzo Ulugbek Innovation Center» direktori Farhod Ibragimovlar so‘z yuritishdi.

 

Mamlakatimiz axborot texnologiyalari korxonalari mahsulotlarining eksport hajmini oshirish, infratuzilmani zamonaviylashtirish uchun chet el sarmoyasi va ilg‘or texnologiyalarini jalb etish «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»ning asosiy vazifalari qatorida ta’kidlab o‘tildi. Bu masalalarning yechimi borasida aniq qadamlar ham belgilab olindi — O‘zbekistonning iqtisodiy va intellektual salohiyatidan jahon hamjamiyatining xabardorlik darajasini yuksaltirish, mamlakatimiz kompaniyalarining  xalqaro IT-ko‘rgazma va anjumanlardagi ishtirokini ko‘paytirish, AKT sohasi vakillari va sarmoyadorlar uchun viza tizimini soddalashtirish va boshqa masalalar.

 

Chet ellarda yashayotgan va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish MUIC va elchixonalar hamkorligida alohida o‘rin tutadi.