Yangiliklar

MUIC “Xavfsiz koʻprik” forumini oʻtkazdi

Joriy yilning 5 mart kuni poytaxtimizda axborot xavfsizligi masalalariga bagʻishlangan “Xavfsiz koʻprik” forumi boʻlib oʻtdi. Forumdan koʻzlangan asosiy maqsad davlat sektori va axborot tizimlarini ishlab chiquvchilari oʻrtasida muloqotni yaratish, shuningdek, mutaxassislar va aholi oʻrtasida xabardorlik darajasini oshirish, axborot xavfsizligi tahdidlariga qarshi kurashning soʻngi tendensiyalari haqida maʼlumot berishdan iborat.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi koʻmagida Agentlik qoshidagi Mirzo Ulugʻbek Innovatsion markazi direksiyasi tomonidan tashkil etildi.

Forum ishida axborot texnologiyalari kompaniyalari mutaxassislari, xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdilar. Xususan, mamlakatimiz va yaqin xorijiy davlatlarning E&Y, D:CODE, BePro, Cumulative Business Solutions, IdealGreenLight kabi yirik kompaniyalari mutaxassislari axborotni himoya qilish, blokcheyn texnologiyalarini Oʻzbekistonda qoʻllash amaliyoti, muhim axborotlarni boshqarish tizimining zamonaviy vositalari haqida gapirib berdilar, intellektual xavfsizlik va bank kartalarida maʼlumotlarni himoya qilish, hujumlarning ortib borishi sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash, qalbakilaridan maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha tajriba almashdilar. Forum ishtirokchilari maʼlumotlarni qanday qayta ishlash kerakligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda biznesga qanday axborot texnologiyalar zarurligi, qanday yangi hujumlardan ehtiyot boʻlish lozimligini muhokama qilishdi.

Xususan, yetakchi ekspertlar oʻzlarining “Axborotni himoya qilish: intellektual mulk, bank kartalari”, “Kiberxavfsizlik: himoyadan koʻproqmi? Hujumlar sonining ortishi sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash” va “Elektron raqamli imzo kalitlari uchun xavfsiz tashuvchi sifatida kripto-tokendan foydalanish” mavzulardagi maʼruzalarida xalqaro amaliy tajriba va olib borilgan tadqiqotlar haqida maʼlumot berdilar. Shuningdek, MUICning axborot texnologiyalari sohasidagi rezident kompaniyalari ishlab chiqaruvchilari ham oʻzlarining axborot xavfsizligi sohasidagi muvaffaqiyatlari bilan oʻrtoqlashdilar.

Taʼkidlash joizki, Texnik koʻmaklashuv markazining mutaxassislari tomonidan axborot tizimlarining zaifligi namoyish qilinishi va himoya qilish usullari bilan oʻrtoqlashilishi, shuningdek, “Siz bilasizmi?” qisqa va qiziqarli viktorinaning oʻtkazilishi sababli forum interaktiv tartibda tashkil etildi. Viktorina ishtirokchilari kiberhujum bilan bogʻliq 10 ta, shuningdek, Mirzo Ulugbek Innovation Center faoliyatiga oid savollarga onlayn javob berishdi. Eng qisqa vaqt ichida eng toʻgʻri javoblarni topishga muvaffaq boʻlganlar uchun esdalik sovgʻalari berildi.

Tadbirda davlat organlari, xususiy sektor vakillari, axborot xavfsizligi boʻyicha direktorlar, turli kompaniyalarning axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi boʻyicha tuzilmalari rahbarlari, bank sohasi mutaxassislari, Mirzo Ulugbek Innovation Center rezidentlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.