Yangiliklar

LBMA va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi hamkorligi

Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri o‘rinbosari janob Yun Djong In boshchiligidagi deligatsiya 18-19 mart kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida uchrashuvlarda ishtirok etdilar.
Agentlikdagi uchrashuvda mehmonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar darajasini yuqori baholadilar va mamlakatlar o‘rtasida har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashini alohida ta’kidladilar, O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi va sifatiga, axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda 195 turdagi xizmatlar taqdim etilayotganiga to‘xtalib o‘tdilar. Uchrashuv qatnashchilari elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi O‘zbekiston-Koreya munosabatlarining holati, ushbu sohadagi yangi qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma tadqiqotlar, korporativ hamkorlikni olib borish va O‘zbekistonda Ma’lumotlar markazini tashkil etishda texnik ko‘mak ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan o‘zaro anglashuv memorandum imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Janubiy Koreyada pensiya ta’minoti va davlat xaridlari sohasida to‘plangan tajribani muhokama qilib, mavjud institutsional mexanizmlarga eng ilg‘or yechimlarni joriy qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida Koreya delegatsiyasi ekspertlari eksportni oshirish va kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan soliq siyosatini amalga oshirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Bundan tashqari 19 mart kuni Koreya Respublikasi delegatsiyasi tashrifi doirasida International Hotel Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish Markazi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi tomonidan birgalikda tashkillashtirilgan “Elektron huqumat: Traraqqiyot istiqbollari” o‘zbek-koreys forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum ishida koreys delegatsiyasi vakillari, Agentlik, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ta’lim muassasalari, Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash Innovatsion markazining 100 ortiq vakillari qatnashdilar.
Tadbir doirasida seksiya majlisi ham bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Janubiy Koreya elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo mamlakatlari xalqaro reytingida yetakchi o‘rinni (3 o‘rin) egallaydi. Mazkur reyting Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan dunyodagi 193 davlatda fuqorolarga davlat xizmatlarini taqdim etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)dan foydalanish bo‘yicha milliy davlat tuzilmalarining tayyorligi va ularning imkoniyatlarini baholash natijalariga ko‘ra e’lon qilinadi.