Biz - MUIC

O‘zbekiston so‘nggi yillarda AKTni barcha ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarga, jumladan davlat boshqaruviga hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida joriy qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirdi. Bu o‘z o‘rnida mamlakatimizda elektron hukumat tizimini joriy qilishda sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, AKTni keng qo‘llash natijasida xalq bilan davlat o‘rtasida aloqa o‘rnatishning samarali tizimi joriy qilindi.

AKTning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlarni ochib berar ekan, davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashni hamda respublikaning xalqaro AKT bozoridagi o‘rnini kuchaytirishni talab qiladi. 

Mamlakatimizda AKT uchun xalqaro standartlarga muvofiq dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sifatli va raqobatdosh dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni hal qilish, AKT mahsulotlari eksportini kengaytirish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish maqsadida AKT sohasida mahalliy Innovatsiya markazi - «Mirzo Ulugbek Innovation Center»ni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center»» Innovatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi PF-5099-son “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 avgustdagi 631-son “Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tuzildi.

Farmonga asosan, Innovatsiya markazining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • Xo‘jalik yurituvchi subyektlar va oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun axborot texnologiyalari mahsulotini ishlab chiqarishga hamda ichki va tashqi bozorlarda sotishga yo‘naltirilgan zarur tashkiliy-texnik, iqtisodiy-moliyaviy sharoitlarni yaratish;
  • Ichki va tashqi bozorlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi o‘rinlarda – AKT) sohasida raqobatbardosh loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda Innovatsiya markazi rezidentlariga yordam ko‘rsatish;
  • Oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» ixtisosligi bo‘yicha bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda shu jumladan, qobiliyatli yoshlarni ular tomonidan «start-ap» loyihalar amalga oshirilishida qo‘llab-quvvatlash ishtirok etish, yo‘li bilan;
  • Qisqa muddatli va o‘rta muddatli ixtisoslashtirilgan kurslar olib borish orqali, shu jumladan, chet ellik mutaxassislarni taklif etgan holda, AKT sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish;
  • Istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha axborot texnologiyalari mahsulotini ishlab chiqish sohasida endigina ish boshlagan tadbirkorlar tomonidan innovatsion loyihalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash.